Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 347
  • Ko`rib chiqilganlar 313
    • Takliflar 50
    • Arizalar 262
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

​Ijodiy uchrashuv

10:14, 03.10.2024      

Farg'ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan "Ma'rifat ulashib" loyihasining kulminatsion nuqtasi bugun oliygohning Ma'naviyat va Ma'rifat markazida tashkil etilgan adabiy-badiiy kechada davom etdi.

Oliygoh jamoasi va talabalari tomonidan bayramona kutib olingan O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, ijodkorlar Anvar Mirzo, Shavkat Do'stmuhammadovlar ushbu ma'rifiy uchrashuvning asosiy qahramonlari bo'ldilar.

Tadbirni o'z tabrigi bilan ochib bergan FarDU rektori Bahodirjon Shermuhammadov mehmonlarni qutlar ekan,bugun yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tomonidan ijod ahliga, adabiyot, san'at va madaniyat rivojiga qaratilayotgan yuksak e'tiborni alohida ta'kidlab o'tdi.

"Ma'rifat ulashib" loyihasining mazmun- mohiyatini yoshlarga singdirishda, yosh avlodni ma'rifatli etib tarbiyalashda bugun katta faollik va ibrat ko'rsatayotgan Iqbol Mirzo aynan FarDU talabasi bo'lganligini e'tirof etdi hamda jamoaning qaroriga muvofiq shoirga Farg'ona davlat universiteti "faxriy professori" unvonini topshirdi.

Uchrashuvda so'zga chiqqan xalqimizning suyukli shoiri Iqbol Mirzo dastlab FarDU jamoasi ustozlarini "Ustoz va murabbiylar kuni" bayrami bilan tabrikladi va bu sharafli kasb egalarining fidokorona mehnatlarini o'z she'rlari orqali ifoda etdi. Shoir FarDUni "eng yaxshi ilm maskani" deb ta'riflar ekan, oliygohda o'tgan baxtli talabalik davri, ustozlari, qadrdon kursdoshlarini yodga oldi. Bu xotiralar shoirning kursdoshi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg'aniyeva esdaliklarida davom etdi. Ijodkor Anvar Mirzo o'z nutqida yurtga sadoqat va ustozga ehtirom mavzularidagi she'rlaridan namunalar o'qidi.

Yosh yozuvchi Shavkat Do'stmuhammad farg'onaliklar hamisha ijodni sevgan samimiy insonlar sifatida xotirasida muhrlanganini aytib o'tdi. Shuningdek, uchrashuvda so'z olgan professor, "Do'stlik" ordeni sohibi, Iqbol Mirzoning ustozi - Siddiqjon Mo'minov shoirning talabalik yillari, ularning intilishlari, o'zgacha jasoratlari, oliy maqsadlari to'g'risida yoshlarga so'zlab berdi.

Uchrashuvda ta'kidlanganidek, "Ma'rifat ulashib" loyihasi doirasidagi tadbirlarda 10 mingdan ortiq talabalar ishtirok etdilar. Ijodkorlar faoliyatini o'rganishga doir o'tkazilgan ko'plab tanlovlarda yuzlab yoshlar qatnashdilar. Bugun mazkur tanlovlar g'oliblari va faol jamoalarga mehmonlar ishtirokida estalik sovg'alari, diplomlar topshirildi. Tadbir davomida Iqbol Mirzo honadonidan, do'stlaridan olingan intervyular ishtirokchilar e'tiboriga havola qilindi. Kechada talabalar tomonidan ijro etilgan shoir she'rlari tarannumi, go'zal qo'shiqlar barchaga manzur bo'ldi. Shu kuni O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo boshchiligidagi ijod ahli universitet bog'ida ezgu niyatlar bilan umid niholini ekdilar. Kechki oqshomda FarDUning Talabalar turar joylariga tashrif buyurgan loyiha ishtirokchilari -O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, shoirlar Shavkat Do‘stmuhammad va Anvar Mirzolar yoshlarning baxtli bir kuniga guvoh bo'ldilar. Qiziqarli suhbatlar, sho'x o'yin-kulgular yotoqxonani fayzga to'ldirib davom etar ekan, Iqbol Mirzo talabalar davrasida yana FarDUning o'sha yetakchi talabasiga aylandi.