Quva tumani markazi Gʼalaba MFY Boʼston koʼchasida Turizm koʼchasi tashkil etilayotgan boʼlib, ikki qavatli zamonaviy savdo doʼkonlari qurilyapti. Shuningdek, unga yondosh hududda xiyobon zamonaviy koʼrinishga keltirilyapti. Bu koʼcha quvaliklarning eng obod va 24 soat xizmat koʼrsatadigan maskaniga aylanadi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bu yerdagi jarayon bilan tanishdi, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish, hududni obodonlashtirish, aholiga yanada qulaylik yaratishga eʼtibor qaratishligi taʼkidlandi. Shuningdek, istirohat bogʼi koʼzdan kechirilib, masʼullarga loyihani tezlashtirish, rekonstruktsiya ishlarini boshlash hamda aholi uchun barcha sharoitlar yaratish zarurligi taʼkidlandi. “Shahriston Qubosi” arxeologiya yodgorligi Quvaning mashhur joylaridan biri. Bu yerda osmon ostida muzey tashkil etish hamda arxeologik tadqiqotlar olib borish koʼzda tutilgan. Viloyat rahbari mazkur hududda boʼlib, Fargʼona davlat universiteti professor-oʼqituvchilari bilan amalga oshiriladigan ishlar boʼyicha muloqot qildi. Yurtimiz tarixi uchun muhim manba boʼlgan bu yodgorlikni tadqiq qilish uchun barcha sharoitlar yaratib berishligi aytib oʼtildi.