Bugun Farg'ona davlat universitetining Ma'naviyat va ma'rifat markazida “Sudya va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Sudi va Farg'ona davlat universiteti o'rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o'zaro hamkorlik memorandumini imzolash marosimini o'z ichiga olgan mazkur yirik uchrashuv talabalar uchun muhim ahamiyatga ega voqelik bo'ldi. Uchrashuvda ishtirok etayotgan Tarix fakultetining yuridik yo'nalishi talabalari hamda ushbu sohaga qiziqqan yoshlar uchun sudya bilan muloqot o‘ziga xos motivatsiya bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov, Oliy sud Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Muxiddinov, viloyat sudi raislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan mazkur uchrashuvda dastlab oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadov so'nggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud islohotlari haqida so‘z yuritdi. Mazkur jarayonlarda tizim xodimlari uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar, ijtimoiy kafolatlar yaratilgani ta’kidlandi.
Uchrashuvda ma'ruzachilar tomonidan yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar yordamidagina sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishdek ezgu maqsadlarga erishish mumkinligi aytib o‘tildi. Uchrashuvning rasmiy qismida hayajonli va kutilgan jarayon boshlandi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va FarDU o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasida o‘zaro hamkorlik yuzasidan Memorandum imzolandi. Endilikda mazkur hujjatga asosan oliygoh talabalarining sud tizimida maxsus amaliyotini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgani ta’kidlandi.Yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishgan Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov sohadagi islohotlarga to‘xtalib, kelgusida mazkur tizimda faoliyat olib borishni istagan yoshlar mustahkam bilim olishga intilishi zarurligiga e’tibor qaratdi. Suhbatda talaba-yoshlar qonunchilik islohotlari, sud tizimidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Yigit-qizlarning savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-hodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lajak huquqshunoslarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.