Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 347
  • Ko`rib chiqilganlar 313
    • Takliflar 50
    • Arizalar 262
    • Shikoyatlar 35
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

​Oydin taqdirlar yoʼli — xalqaro sammitlarda Oʼzbekiston tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etdi

09:04, 18.11.2024      

Prezidentimiz 2050 yilga qadar issiqxona gazini kamaytirish va “yashil” energetika ulushini 40 foizga yetkazish uchun qilinayotgan ishlar haqida soʼzladi, 5 yoʼnalishda tashabbuslar bildirdi. Muhimi, Oʼzbekistonda iqlim oʼzgarishlari boʼyicha qilinayotgan ishlar, ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish borasidagi rejalar haqida jahon hamjamiyatini xabardor etdi.

Bundan tashqari, global darajadagi ekologik muammo — Orol fojiasi, uning yechimi boʼyicha hududda bajarilayotgan ishlar, bu yerdagi aholi turmush darajasini koʼtarish borasidagi mamlakat yetakchisi harakatlari butun dunyo eʼtirofiga sazovor boʼldi.

Ogʼriqli boʼlsa-da, qayd etish kerak, yaqin oʼtmishda paxta yakkahokimligi asorati sifatida Аmudaryo va Sirdaryo suvlari choʼllarga singib ketdi, Orolga yetarli suv bormadi, oqibatda dunyodagi eng yosh sahro — Orolqum paydo boʼldi. Orolqumda koʼtarilgan shamol tuzli changni yetarlicha global muammoga aylantirib ulgurdi.

Mazkur global muammolarga xalqaro darajada yechim izlash maqsadida tadbir doirasida tashkil etilgan Xiva hovlisi qiyofasidagi Oʼzbekiston milliy pavilьoniga Orol dengizidan suv keltirib qoʼyilgani ham bejiz emas, albatta. Ushbu xalqaro platformada suv orqali jahon jamiyatiga Orol fojiasini eslatish ham dunyoni hamkorlikka chaqirishga chinakam amaliy ishoradir.

Oʼzbekiston 2017 yilda Parij kelishuvini ratifikatsiya qilgan va iqlim oʼzgarishiga qarshi kurashish boʼyicha majburiyatlar olgan. Davlatimiz rahbari oʼtgan yili Dubayda va bu yil Bokuda oʼtkazilgan sammitda ushbu kelishuv boʼyicha bajarilgan ishlarni va yangi milliy tashabbuslarni xalqaro jamoatchilikka yetkazdi.

Soʼnggi yillarda yurtimiz juda koʼplab mamlakatlar bilan doʼstona munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish uchun jadal harakatlar qildi va pirovardida oʼz maqsadiga erishdi. Sababi esa oydin — mamlakatni rivojlantirishda, aholi turmush tarzini yaxshilashda, albatta, xalqaro darajada iqtisodiy oʼzgarishlar suv va havo kabi zarur. Bu iqtisodiy oʼzgarishlar zamon talablariga mos va xos tarzda kechishi esa zamon talabi.

Saudiya Аrabistonida ham Oʼzbekiston uchun manfaatli boʼlgan koʼplab xalqaro loyihalar bor va bu loyihalarning aksariyati hozir amalda. Prezidentimizning mazkur mamlakatdagi uchrashuvlarida ham aynan mana shu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, zamon talablari asosida energetikani koʼproq ishlab chiqarish, shamol elektrostantsiyalarini barpo etish va ulardan oqilona foydalanish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etish masalalari ustunlik qildi.

Bugun butun dunyoda bir yakdil pozitsiya, yaʼni doʼst-birodar boʼlib yashash, muammolarga birga yechim topish va oʼzaro hamkorlik, tinchlik maqsadlari mushtarak boʼlmoqda. Jahon ayvonidagi ogʼriqli vaziyatlar ham chetda qolgani yoʼq, Falastin voqealari eslandi, munosabatlar bildirildi va davlatimiz rahbari sammitda oʼz insonparvar gʼoyalarini ilgari surdiki, natijada Falastindagi bolalar va ayollarga Oʼzbekistonda davolanish imkoniyati berildi. Eng ahamiyatlisi, bu juda katta insonparvarlik tashabbusi va oʼz navbatida, dunyo eʼtirofiga loyiq jasoratdir. Bu tashabbus dunyoga Oʼzbekistondagi insonparvarlik siyosatini koʼrsatib beribgina qolmay, jahonga “bolalar, ayollar qiynalmasin” degan oʼzbekona pozitsiyani targʼib etdi. Shu bois, Prezidentimizning ushbu tashabbusi olqishlandi, qoʼllab-quvvatlandi.

Yangi bosqichda yoʼlga qoʼyilayotgan mazkur hamkorlik natijasida energetika, bank tizimi rivoji, sogʼliqni saqlash sohasi taraqqiyoti, islom moliyasida boshlangan amaliy ishlar hamda ilmni isloh qilish boʼyicha olib borilayotgan katta harakatlar oʼz mevasini bera boshlaydi va aholi farovonligi, xalqning munosib turmush sharoiti, barqaror iqtisodiy oʼsishni taʼminlashda muhim boʼgʼin boʼladi.

Bizni quvontirayotgan voqelik shundaki, rivojlanayotgan davlatlar bugun toʼqnash kelayotgan ekologik muammolarga — tabiiy resurslar, toza havo, toza suv, toza tuproq himoyasiga aynan Oʼzbekiston yetakchisi xalqaro maydonda muhim yechimlar koʼrsatib kelmoqda.

Bahodirjon Shermuhammadov,

pedagogika fanlari doktori, professor