Bugun oliygoh rektori Bahodirjon Shermuhammadov Iqtisodiyot, Fizika-matematika, Agrar, Harbiy ta'lim, Sirtqi ta'lim fakultetlari guruh sardorlari va yoshlar yetakchilari bilan uchrashdi.
Yig'ilishni tashkil etishdan asosiy maqsad, 700dan ortiq akademik guruhlar sardorlari va yetakchilar orqali yoshlar muammolarini o'rganish vazifalariga qaratildi. Muloqotda turli yot g'oyalardan ogoh bo'lish, tarmoqlarda zararli materiallarni tarqatmaslik, yoshlar ongini zaharlashga qaratilgan mafkuraviy tahdidlarga aldanmaslik, "tengdosh-tengdoshga" tamoyili asosida guruhdoshlardan o'rnak olish zarurligi ta'kidlandi.
"Bugungi kundagi ta'limga berilayotgan imkoniyatlar, talaba-yoshlarga yaratilgan sharoitlar barchamizni bunga munosib javob berishga chorlaydi. Siz yetakchi, faol, uyg'oq tashkilotchi, guruhingiz va o'z ishingizga vijdonan yondashadigan bo'lsangiz, bizga suyanch, qanot bo'lasiz" - dedi rektor guruh sardorlariga yuzlanib. Uchrashuvda dunyoda bo'layotgan holatlar, tabiiy ofatlar, urushlar haqida mulohazalar bildirildi, shunday zamonda yoshlarimiz tinch-osuda hayot kechirayotganliklari katta baxt ekani ta'kidlandi. Guruh sardorlariga tashabbuskor bo'lish, yurtga, ta'lim dargohiga sadoqat darkorligi ajdodlar o'gitlari misolida tushuntirildi. Muloqotda rahbar erkin va ochiq tarzda yoshlar muammolarini tinglab bordi. Bunda mehmonxona amaliyoti, xalqaro konferensiyalarda qatnashish, akademik almashinuvlar xususida talabalar o'z takliflarini bildirdilar.