Bu yil Proligada yaqin o‘tmishning mashhur nomlari — Sergey Lebedev va Asad Do‘rmonov qo‘l ostidagi, asosan talabalardan iborat “FarDU” (Farg‘ona davlat universiteti) jamoasi ham qatnashadi. Ilgarilari Yaponiya yo Koreyadan yangi bir yulduz futbolchi chiqsa, uning faoliyati biror bir universitet jamoasidan boshlanganini bilib, ham hayron qolardik, ham havas qilardik — qani endi bizda ham universitet jamoalari bo‘lsa, deb. Ozgina e’tibor va ko‘mak bo‘lsa, mana, O‘zbekiston sharoitida ham talabalardan jamoa tuzib, professional ligalarida ishtirok etsa bo‘larkan. 2021-yildan beri moliyaviy jihatdan mustaqil hisoblangan Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati futbol jamoasi masalasiga xafsala bilan yondasha olgani e’tirofga loyiq. Kim bilsin, hali birorta futbolchisi — Abduqodir Husanovchalik bo‘lmasa ham — biror e’tiborga molik darajada transfer qilinsa, yuzlab talabalar to‘laydigan kontrakt pulidan kam bo‘lmagan darajada daromad ham ko‘rish mumkin. O‘tgan kuni futbol bo‘yicha 2025-yilgi O‘zbekiston Kubogi guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Unda “FarDU” bu yil O‘zbekiston chempionligi uchun jiddiy bahs olib borishi kutilayotgan Farg‘onaning “Neftchi” va Namanganning “Navbahor” klublari bilan bir guruhdan o‘rin oldi. Qiziq o‘yinlar bo‘ladi, balki sensatsiyalarga ham guvohi bo‘larmiz.
O‘zbekiston Pro Ligasida universitet jamoasi o‘ynaydi. FarDU Klubi haqida nimalarni bilasiz? Yaqin Sharq davlatlarida universitetlar jamoalari orasida turli ligalar tashkil qilinadi. Unda futbolchi talabalar haqiqiy futbol shousini yaratib, katta stadionlarni futbol muxlislari bilan to‘ldirganlariga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Nihoyat, asosi talabalardan iborat jaydari jamoa O‘zbekistonda ham bor – bu "FarDU". Farg‘ona davlat universiteti professional maqomda futbol klubi tashkil qilgan yagona OTMga aylanib oldi. Jamoani qo‘llab-quvvatlayotgan universitet rahbariyati hurmatga loyiq, sababi hamma oliygohlarda ham futbolga bo‘lgan e’tibor u qadar yuqori emas. "FarDU" bu yil tarixda ilk bor Pro liga musobaqasida ishtirok etishi kutilayotir. Kuni kecha O‘zbekiston Kubogiga qur’a tashlash marosimi o‘tkazildi va klub "Navbahor" va "Neftchi" kabi nomdor jamoalar bilan bir guruhdan joy oldi. Ayni paytda "FarDU"ga O‘zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi, "Shuhrat" medali sohibi Sergey Lebedov murabbiylik qilmoqda. Tajribali murabbiyning jamoasidan kutilayotgan umidlar katta. Futbolni talabalikdan shakllantirish qanday bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘yishsin!