Tarix fakulteti Jahon tarixi kafedrasi va Xitoy Xalq Respublikasidagi nufuzli “Imperator saroyi” muzey majmuasi o‘rtasida erishilgan o‘zaro hamkorlik aloqalari doirasida, joriy yilning 15-aprelidan 24-apreliga qadar ushbu muzey majmuasining yetakchi professori Lin Huan Farg‘ona davlat universitetiga tashrif buyurdi.
Professor Lin Huan Kidanlar (Qoraxitoylar) tarixi bo‘yicha jahon miqyosida tan olingan yetuk olimlardan biri hisoblanadi. Uning Markaziy Osiyo tarixiga, xususan, Kidan davlatining shakllanishi va rivojlanishiga oid ilmiy ishlari xalqaro miqyosda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Oliy ta’lim muassasasi va xorijiy ilmiy markaz o‘rtasidagi ushbu samarali hamkorlikning amaliy natijasi sifatida professor Lin Huan universitetning 60220400 – Arxeologiya ta’lim yo‘nalishi 1-3-bosqish talabalari uchun "Kidanlarning g‘arbga ko‘chishi" mavzusida maxsus "master class" mashg‘ulotini o‘tkazmoqda.
"Master class" davomida professor Lin Huan talabalarga Kidanlarning Markaziy Osiyoga ko‘chishi sabablari, jarayoni, mintaqa tarixidagi o‘rni va ahamiyati haqida chuqur bilim va tushunchalar bermoqda.
Mashg‘ulotlar interaktiv shaklda, zamonaviy o‘qitish metodlaridan foydalangan holda olib borilmoqda, bu esa talabalarning mavzuga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirmoqda.
Professor Lin Huanning tashrifi Farg‘ona davlat universiteti talabalari uchun nafaqat jahon tarixining muhim sahifalaridan biri bilan tanishish, balki xalqaro miqyosdagi yetakchi olim bilan bevosita muloqot qilish, ularning tajribasi va bilimidan bahramand bo‘lish uchun noyob imkoniyat yaratdi.
Ushbu tashrif universitetning xalqaro aloqalarini yanada mustahkamlash, ta’lim sifatini oshirish va talabalarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirishda muhim ahamiyatga egadir.