Yaqinda Turkiyaning “HE” - “Higher Education Ranking” xalqaro reyting tashkiloti 2025-yilgi reyting natijalarini rasman e’lon qildi. Quvonarlisi, Farg’ona davlat universiteti ushbu ro’yxatning yuqori o’rnidan joy egalladi!
Universitetning rasmiy elektron manziliga yoʻllangan reyting sertifikatida mukammallik, ta'limning yuqori darajasini saqlab qolish, ilmiy tadqiqot ishlari ko’lami, bilim va innovatsiyalarni rivojlantirish bo’yicha Farg’ona davlat universiteti faoliyatiga yuqori baho berilgan va dunyoning 55dan ortiq mamlakatidan ishtirok etgan jami 422 ta universitet orasidan 3-o’ringa munosib deb topilgan.
Ma’lumot uchun aytish kerakki, mazkur xalqaro reyting tizimida universitetlar 4 ta yo’nalishda 25 ta mezon va 138 ta ko‘rsatkichga ko‘ra baholanadi. Bunda eng asosiy e’tibor - tadqiqot ishlari, o‘qitish tizimi, professor-o‘qituvchilar va xodimlar nisbati, akkreditatsiya, xalqaro faoliyat kabi mezonlarga qaratiladi.
Ushbu reyting tashkiloti barcha mezonlarni aniqlashda haqqoniylik, adolatlilik, tenglik prinsiplariga tayangan holda ish olib boradi va bunday yondashuv orqali oliy ta'lim muassasalari imkoniyatlarini yanada oshirish, xalqaro maydonga kirib borish, ilmiy izlanishlar, o‘quv jarayonini takomillashtirishga erishish va mehnat bozori talablariga muvofiq rivojlanish maqsadlarini ko’zda tutadi.
Ta’kidlash kerakki, Farg'ona davlat universiteti faoliyati xalqaro e'tirof etilgan reytinglarda aks etmoqda va dunyoning kuchli universitetlari qatoridan joy egallashga qaratilgan strategiya o’z natijasini ko’rsatmoqda.