Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 414
  • Ko`rib chiqilganlar 380
    • Takliflar 56
    • Arizalar 317
    • Shikoyatlar 41
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

O‘zPFL “FarDU” SPORT MAJMUASINI IJOBIY BAHOLADI

15:35, 21.07.2025      

Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi “FarDU” futbol jamoasi joriy mavsumdan boshlab O‘zbekiston Pro-ligasida o‘z ishtirokini boshladi. Shu munosabat bilan jamoa o‘zining uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan “FarDU” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash va modernizatsiya ishlari boshlab yuborildi. Xususan, sport inshootlarida zamonaviy talablarga javob beruvchi infratuzilma yaratilmoqda.

O‘zbekiston Professional Futbol Ligasi (O‘zPFL) tomonidan tuzilgan maxsus ishchi guruh joriy haftada “FarDU” sport majmuasida bo‘lib, mavjud sharoitlar va olib borilayotgan ishlar holatini o‘rgandi. Delegatsiya tomonidan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va infratuzilmaviy yangilanishlar yuqori baholandi.

O‘rganish davomida quyidagilarga e’tibor qaratildi:

Stadion maydonining sifatini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar;

Tomosha tribunalarining qulayligi va xavfsizligi;

Futbolchilarga mo‘ljallangan kiyinish xonalari va yordamchi inshootlar;

Jamoatchilik va OAV vakillari uchun yaratilayotgan sharoitlar.

Ayni kunlarda “FarDU” jamoasining uy o‘yinlari uchun tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Sergey Lebedev boshchiligidagi “FarDU” futbol jamoasi O‘zbekiston Pro-ligasining navbatdagi turida o‘z maydonida mehmonlarni qabul qilishga hozirlik ko‘rmoqda. Bugungi kunda sport majmuasida barcha zarur infratuzilmaviy ishlar jadal suratlarda davom etmoqda.

Maqsad — jamoaning uy uchrashuvlarini yuqori darajada o‘tkazish, muxlislarga qulay va xavfsiz muhit yaratish, hamda O‘zPFL talablariga to‘liq javob beradigan sport maydonini shakllantirishdir.

O‘zPFL delegatsiyasi tomonidan berilgan ijobiy baho universitet sport infratuzilmasining rivojlanishida muhim bosqich bo‘lib, bu nafaqat “FarDU” futbol jamoasining sportdagi muvaffaqiyatlariga, balki universitetda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qiladi.

Farg‘ona davlat universiteti rahbariyati ushbu yo‘nalishdagi ishlarga alohida e’tibor qaratmoqda. Kelgusida nafaqat futbol, balki boshqa sport turlari bo‘yicha ham professional bazalarni rivojlantirish, talabalar uchun keng imkoniyatlar yaratish maqsadida izchil sa’y-harakatlar davom ettiriladi.