Talabamiz Osiyo chempionatida kumush medal sohibasi bo‘ldi!
Janubiy Koreyaning Geosan shahridagi “Cultural and Sports Center” sport majmuasida kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Kurash bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli musobaqada qit’aning eng iqtidorli sportchilari yelka-yelkaga bellashdi.
Farg‘ona davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakulteti talabasi, kurashchi Xolmatova Maftunaxon 48 kg vazn toifasida yuqori mahorat va irodasini namoyon etib, raqiblarini birin-ketin mag‘lubiyatga uchratdi va finalgacha yetib bordi. Yakuniy bellashuvda esa kuchli raqibiga munosib qarshilik ko‘rsatib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bu natija nafaqat Maftunaxonning shaxsiy yutug‘i, balki universitetimiz sport hayotida ham muhim voqea bo‘ldi. Unga bu yo‘lda murabbiylarining tajribasi, do‘stlarining yordami va o‘zining cheksiz mehnatkashligi katta tayanch bo‘ldi.
Dolzarb 90 kunlik doirasida yoshlarimizning sportdagi yutuqlari talabalarning ham jismoniy, ham ma’naviy rivojlanishiga xizmat qilayotganini yana bir bor isbotlamoqda.