Iqtisodiyot fakulteti tashabbusi bilan "Shakarqishloq" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan yoshlar ishtirokida sport musobaqalari tashkil etildi. Tadbir “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilib, mahalla yoshlari uchun nafaqat qiziqarli dam olish, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratildi.
Musobaqalarda sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Xususan, futbol, voleybol, shaxmat va stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda yoshlar o‘z jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini namoyish etdilar.
Tadbir davomida har bir ishtirokchi g‘alaba uchun astoydil harakat qildi. Musobaqa yakunida g‘olib va faol ishtirokchilar fakultet rahbariyati hamda mahalla faollari tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha, “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan bunday sport musobaqalari yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga, sog‘lom turmush tarziga odatlantirishga hamda ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Iqtisodiyot fakulteti va "Shakarqishloq" MFYning ushbu hamkorligi nafaqat sport maydonlarida, balki yoshlarning hayotida ham ijobiy o‘zgarishlar yaratmoqda.