Joriy yilda 15-Xalqaro “International Society for Analysis, its Applications and Computation” (ISAAC-2025) kongressi ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida o‘tkazildi. Bu nufuzli ilmiy anjuman — butun dunyo miqyosida matematik tahlil, uning amaliyotdagi qo‘llanilishi va hisoblash usullariga bag‘ishlangan eng yirik ilmiy platformalardan biridir.
Anjumanda dunyoning turli burchaklaridan qariyb 1000 nafar yetuk olim va tadqiqotchi ishtirok etdi. Ular o‘z sohalaridagi eng so‘nggi ilmiy ishlanmalar, innovatsion yondashuvlar va fundamental tadqiqotlar bo‘yicha ma’ruzalar qildilar.
O‘zbekistonlik matematiklar ham ushbu yirik kongressda munosib ishtirok etib, ilmiy izlanishlar natijalarini xalqaro miqyosda namoyish etdilar. Xususan, Farg‘ona davlat universiteti “Matematik analiz va differensial tenglamalar” kafedrasi doktoranti Sh. Xasanov o‘z ilmiy ishlari bilan e’tibor qozonib, grant sovrindori bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.
Sh. Xasanovning ilmiy izlanishlari zamonaviy matematik tahlilning muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning ishlari xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi. Bu nafaqat yosh olimning shaxsiy yutug‘i, balki O‘zbekiston ilm-fanining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qiladigan muhim voqeadir.
ISAAC-2025 kongressining Markaziy Osiyoda o‘tkazilishi — mintaqa olimlari uchun bevosita yetakchi mutaxassislar bilan tajriba almashish, yangi hamkorliklar yo‘lga qo‘yish va global ilmiy jarayonda faol ishtirok etish imkoniyatini yaratdi.
Bunday ilmiy anjumanlar O‘zbekistonning ilmiy salohiyati va yosh olimlarining potensialini dunyo miqyosida namoyish etish, shuningdek, kelajakdagi yirik ilmiy loyihalar uchun mustahkam zamin hozirlashda muhim ahamiyat kasb etadi.