Farg‘ona davlat universiteti Tarix fakulteti, O‘zbekiston tarixi kafedrasida xalqaro ilmiy hamkorlik yo‘nalishida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Hindistonning taniqli boburshunos olimlari — Dr. Abha Singh va Dr. Manzar Nishat mehmon bo‘lishdi.
Uchrashuv davomida professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar va mehmon olimlar o‘zaro ilmiy tajriba almashib, boburiylar davri tarixi, madaniy merosi va ikki xalqning tarixiy aloqalari yuzasidan fikr almashdilar. Hindistonlik mutaxassislar O‘zbekiston tarixshunosligidagi so‘nggi izlanishlar bilan tanishishdan mamnun ekanliklarini bildirdilar.
Tomonlar kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, tarixiy mavzulardagi maqolalarni nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda chop etish va ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi ilmiy aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Bu kabi uchrashuvlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi tarixiy-madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlab, ikki xalq ilm-fan rivojiga hissa qo‘shadi. Xalqaro miqyosdagi bunday muloqotlar yosh tadqiqotchilar uchun ham keng imkoniyatlar yaratib, ilmiy izlanishlarda yangi ufqlar ochadi.