Islom Karimov nomidagi viloyat teatr va konsert saroyida yurtimiz ma’naviy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yirik ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir Respublika Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi targ‘ibotchilari hamda Farg‘ona viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni yaratish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, shuningdek, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar ongida turli yot va zararli g‘oyalarga qarshi mustahkam ma’naviy immunitet hosil qilishdir.
“Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu uchrashuvda ma’ruzachilar yosh avlod tarbiyasida ma’rifatning o‘rni, ilm va tafakkurning kuchi, diniy ekstremizm va radikalizmning zararli oqibatlari haqida batafsil tushuntirishlar berishdi. Targ‘ibotchilar ishtirokchilarga milliy g‘oya va qadriyatlarni asrab-avaylash, zamonaviy bilimlarni egallash hamda o‘z tafakkurini mustaqil shakllantirishning ahamiyatini yodga soldi.
Tadbir davomida yoshlarga ijtimoiy tarmoqlardagi soxta ma’lumotlarga ishonmaslik, har qanday fikrni tanqidiy tahlil qila bilish, o‘z hayotida ijobiy va foydali ma’lumotlarni tatbiq etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Pedagoglar esa o‘z navbatida yoshlarni yot g‘oyalardan asrashda ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada takomillashtirish yo‘llarini muhokama qildilar.
Bunday uchrashuvlar, shubhasiz, nafaqat yoshlar, balki jamiyatning barcha qatlamlari uchun foydali bo‘lib, ularning ongida ilm, ma’rifat va milliy birlik g‘oyalarini mustahkamlaydi. Zero, buyuk ajdodlarimiz aytganidek, “Ma’rifat — jaholatning eng katta dushmani”.