Farg‘ona davlat universiteti Ingliz tili va adabiyoti fakulteti professor-o‘qituvchilari Qirg‘iziston Respublikasining yirik ilmiy va ta’lim maskanlaridan biri — Osh davlat universitetida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdilar.
Tadbir davomida FarDUda ta’lim olish istagini bildirgan bir qator abiturientlar bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda ishtirokchilarga universitetdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari, o‘quv jarayonining afzalliklari, zamonaviy shart-sharoitlar, talabalar uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mazkur tashrif davomida ikki oliygoh o‘rtasida ilmiy, madaniy va ta’limiy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Ushbu muloqot nafaqat abiturientlar uchun foydali bo‘ldi, balki O‘zbekiston va Qirg‘iziston oliygohlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada kuchaytirdi.
FarDU professor-o‘qituvchilari ta’kidlashicha, universitetda ta’lim olayotgan talabalar xalqaro hamkorlik, ilmiy izlanishlar va ijodiy loyihalarda ishtirok etish imkoniga ega. Bu esa yoshlarning kasbiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.