Fargʻona Davlat universiteti Iqtisodiyot fakulteti Jahon va mintaqa iqtisodiyoti kafedrasi professor-oʻqituvchilari tomonidan “Dolzarb 90 kunlik” loyihasi doirasida yoshlar orasida tadbirkorlik gʻoyalarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan, 42-maktab oʻquvchilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, StartUp loyihalari bo‘yicha amaliy mashgʻulotlar tashkil qilindi. Tadbir davomida o‘quvchilar innovatsion g‘oya yaratish, biznes-reja tuzish, marketing strategiyasini ishlab chiqish hamda loyiha taqdimotini tayyorlash bo‘yicha bilim va koʻnikmalarga ega bo‘ldilar.
Professor-oʻqituvchilar tomonidan oʻquvchilarga zamonaviy bozor talablariga mos, amaliy ahamiyatga ega boʻlgan loyiha namunalari ko‘rsatildi. Yoshlar o‘z navbatida ijodiy yondashuv va yangicha qarashlari bilan o‘z StartUp gʻoyalarini ilgari surdilar.
Tadbir yakunida eng istiqbolli gʻoyalar tanlab olindi va ularni kelgusida amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar berildi. Bunday uchrashuvlar yosh avlodning biznes va innovatsiyalar sohasidagi bilimlarini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.