Yosh avlodning bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazishi, bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashi hamda ijodiy salohiyatini rivojlantirish maqsadida Farg‘ona viloyatida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur tashabbus nafaqat o‘quvchi-yoshlar, balki universitet talabalari uchun ham amaliy tajriba maktabi vazifasini bajarmoqda.
Farg‘ona shahar 17-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi huzurida faoliyat yuritayotgan yozgi oromgoh o‘quvchilarning ta’til davrini mazmunli o‘tkazish uchun keng imkoniyat yaratmoqda. Oromgohda Pedagogika-psixologiya va san‘atshunoslik fakulteti boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi talabalari tomonidan turli ijodiy va badiiy to‘garaklar tashkil etilib, bolalarning qiziqishlari, iqtidor va salohiyatini namoyon etishlariga ko‘maklashilmoqda.
“Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida nafaqat maktab o‘quvchilari, balki bo‘lajak pedagoglarning amaliy tajriba orttirishi ham yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Pedagogika-psixologiya va san‘atshunoslik fakulteti talabalari “Крылья мечты” maktabgacha ta’lim tashkilotida nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etib, kelgusida kasbiy faoliyatida zarur bo‘ladigan ko‘nikmalarni boyitmoqdalar.
Mazkur loyiha doirasida xorijiy tillarni o‘qitish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ingliz tili va adabiyoti fakulteti talabalari Marg‘ilon shahar 1-maktabida “English with Fun” nomli ingliz tili to‘garagini tashkil etib, o‘quvchilarga bilimni qiziqarli o‘yinlar, ijodiy mashg‘ulotlar va interfaol usullar orqali singdirmoqdalar.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlarning ta’til davrini mazmunli o‘tkazish, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirish, eng muhimi esa, ularni yot g‘oyalardan asrash va bo‘sh vaqtni to‘g‘ri tashkil etish yo‘lida muhim tashabbus bo‘lib xizmat qilmoqda. Loyihaning o‘quvchi-yoshlar bilan bir qatorda talabalarga ham amaliy tajriba maktabi bo‘lib xizmat qilayotgani, uning samaradorligini yanada oshirmoqda.