Oʼzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 34 yilligi hamda Oʼzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 120 yilligi munosabati bilan Fargʼona davlat universitetida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʼlib oʼtdi.
Ushbu tadbirda universitetning professor-oʼqituvchilari va ishchi-xodimlari oʼz farzandlari bilan birga ishtirok etib, bayramona kayfiyatga hamnafas boʼldilar.
Tadbirda namoyish etilgan qiziqarli spektakl tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Undagi badiiy obrazlar va hayotiy sahnalar bolalarda ham, kattalarda ham Vatanga mehr, maʼnaviyat va birlik tuygʼularini yanada mustahkamladi.
Kechaning eng qiziqarli lahzalaridan biri “Muzqaymoq sayli” boʼldi. Bolajonlar sevimli shirinligi bilan ziyofat qilib, quvonch va tabassumga toʼldi. Bu sahnalar ularning xotirasida yorqin xotira boʼlib qolishi shubhasiz.
Tadbir doirasida yangi oʼquv yili ostonasida turgan barcha bolajonlarga oʼquv qurollari jamlanmasi tantanali ravishda taqdim etildi. Sovgʼalar nafaqat farzandlar, balki ularning ota-onalari uchun ham katta quvonch bagʼishladi.
Universitetida oʼtkazilgan mazkur tadbir mustaqillik bayramining ruhini namoyon etish, oilaviy qadriyatlarni asrab-avaylash, yosh avlod ongiga Vatanga sadoqat va xalqqa xizmat qilish gʼoyalarini singdirishda muhim ahamiyat kasb etdi.