Farg‘ona davlat universiteti faollar zalida “Talaba bilan ishlash tizimini takomillashtirish” mavzusida oʼquv-seminar tashkil etildi. Unda maʼnaviy-marifiy ishlar boʼyicha dekan oʼrinbosarlari, tyutorlar va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etdilar.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — jamiyatga yetuk kadrlarni tayyorlash jarayonida talaba shaxsiga yoʼnaltirilgan yondashuvni yanada takomillashtirish, sharqona tarbiya anʼanalari hamda ustoz-shogird tizimini zamon talablari asosida rivojlantirishdan iboratdir.
Seminar davomida soha mutaxassislaridan iborat ishchi guruh talabalar bilan samarali ishlashning yangi uslub va mexanizmlarini taqdim etdi. Xususan, talaba bilan muloqotda individual yondashuv, taʼlim va tarbiya jarayonida innovatsion texnologiyalardan foydalanish, motivatsiya va ragʼbatlantirish usullariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tinglovchilar kunning dolzarb masalalari yuzasidan berilgan savollariga tegishli javoblar oldilar. Shuningdek, ular amaliyotda qoʼllash mumkin boʼlgan samarali tavsiyalar bilan ham tanishdilar.
Oliygohda oʼtkazilgan mazkur oʼquv-seminar talabalar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga koʼtarish, ularning taʼlim jarayoniga qiziqishini oshirish va maʼnaviy-marifiy muhitni yanada mustahkamlashda muhim qadam boʼlib xizmat qiladi.
Bunday seminarlar oliy taʼlim muassasasi pedagoglari uchun tajriba almashish, dolzarb muammolarni birgalikda muhokama qilish va eng yaxshi amaliyotlarni oʼrganish imkonini yaratadi.