Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 443
  • Ko`rib chiqilganlar 410
    • Takliflar 57
    • Arizalar 344
    • Shikoyatlar 42
  • Ko`rib chiqilmoqda 33

ILMIY SALOHIYAT – TARAQQIYOT MEZONI

14:22, 13.09.2025      

Farg‘ona davlat universiteti huzuridagi Filologiya va Tarix fakultetlarida navbatdagi muhim ilmiy voqealar — ilmiy kengash yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirlarda universitet rektori, professor Bahodir Shermuhammadov shaxsan ishtirok etib, doktorlik dissertatsiyalarining himoyasiga tayyorgarlik jarayonlarini kuzatdi hamda o‘zining fikr va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.

Yig‘ilishlar davomida Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga da’vogar, filolog Umida Farmonovaning “Qisasi Rabg‘uziy” asarida qo‘llangan frazemalar tadqiqi” mavzusidagi dissertatsiyasi va Huquq ta’limi kafedrasi o‘qituvchisi Abduhakim So‘fiyevning “Tadbirkor shaxs huquqiy madaniyatini oshirishning ijtimoiy-falsafiy asoslari” nomli falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi muhokama qilindi.

Mazkur ilmiy ishlar o‘zining zamonaviyligi, dolzarbligi va ijtimoiy hayot bilan uzviy bog‘liqligi bilan ajralib turadi. Jumladan, Umida Farmonovaning tadqiqoti o‘zbek tilshunosligida frazeologiyaning tarixiy ildizlarini yoritish bo‘yicha yangi yondashuvni taklif qilgan bo‘lsa, Abduhakim So‘fiyevning ishi esa bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan biri — tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy ong va madaniyatini oshirish muammolarini falsafiy yondashuv asosida tahlil qiladi.

Universitet rektori, professor Bahodir Shermuhammadov o‘z chiqishida so‘nggi yillarda Farg‘ona davlat universitetida ilmiy faoliyat ko‘lami sezilarli darajada kengayganini ta’kidladi. Xususan, u oxirgi besh yil ichida universitetning ilmiy salohiyati 26 foizdan 62 foizgacha oshganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich — mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan ilm-fan va ta’lim sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarning samarasi ekanini alohida qayd etdi.

Shuningdek, universitetda yildan-yilga ilmiy darajalar beruvchi kengashlar sonining ortib borayotgani, yosh olimlar safining kengaygani, xalqaro va milliy miqyosdagi ilmiy nashrlar sonining oshgani, ilmiy loyihalarda ishtirok etayotgan professor-o‘qituvchilar ulushining ko‘paygani universitetning ilmiy rivojida yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi.

Professor Bahodir Shermuhammadov dissertatsiya himoyasiga tayyorgarlik ko‘rayotgan izlanuvchilarga muvaffaqiyat tilar ekan, bu jarayon nafaqat ularning shaxsiy yutug‘i, balki butun universitet jamoasining ilmiy nufuzini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ilmiy kengash a’zolari ham dissertatsiya ishlarining dolzarb va yangicha yondashuvlarga boy ekanini yuqori baholab, ularning natijalari ilm-fan va amaliyot uchun foydali bo‘lishiga ishonch bildirishdi.