

Kitob — inson tafakkurining kaliti, ma’naviyat manbai.
Har bir o‘quvchi va talaba uchun esa u eng yaqin do‘st, eng sadoqatli hamrohdir.
Shu maqsadda, Agrar qo‘shma fakultetida “Men senga kitob sovg‘a qilaman” shiori ostida kitob yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning bosh maqsadi — yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, badiiy adabiyotlar orqali ularning ma’naviy dunyosini boyitish va talabalarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirishdan iboratdir.
Yarmarka davomida talabalarga zamonaviy o‘zbek va jahon adabiyotining sara namunalarini, shuningdek, ilmiy-ommabop, psixologik va motivatsion asarlarni xarid qilish imkoniyati yaratildi. Tadbirda nafaqat sotuv, balki kitob almashish, mualliflar bilan suhbat, hamda kitob taqdimotlari ham tashkil etildi.
Talabalar o‘zlari sevgan adiblarning asarlarini xarid qilibgina qolmay, bir-birlariga kitob sovg‘a qilish orqali “Kitob — eng qimmat sovg‘a” degan g‘oyani yana bir bor amalda namoyon etdilar. Yarmarka jarayonida iliq muhit, do‘stona suhbatlar va yangi kitoblar hidiga to‘la iliq kayfiyat hukm surdi.
Tadbir so‘ngida faol ishtirok etgan talabalar hamda tashabbuskor jamoa faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar yoshlar orasida kitobga mehr va o‘qishga odatni shakllantirish, ularning ijodiy tafakkurini kengaytirish hamda milliy qadriyatlarga hurmat ruhini kuchaytirishga xizmat qiladi.