

Universitetning Iqtisodiyot fakultetida birinchi bosqichga qabul qilingan talabalarning ota-onalari uchun “Ota-onalar forumi” tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — ota-onalar va ta’lim muassasasi o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, talabalarning ta’lim jarayonidagi muvaffaqiyatini oshirish hamda ularning ma’naviy kamolotida oilaning rolini mustahkamlashdan iboratdir.
Forumda fakultet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, jamoatchilik vakillari hamda talabalar ota-onalari ishtirok etdilar. Tadbir iliq va samimiy ruhda o‘tkazilib, unda ta’lim jarayoni, talabalarning o‘quv muhitidagi faolligi, shuningdek, ularning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Forum davomida ota-onalarga universitetning ichki tartib-qoidalari, odob-axloq me’yorlari, kiyinish va muomala madaniyatiga oid batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, kredit-modul tizimining mohiyati, uning asosiy tamoyillari hamda “Ijtimoiy faollik indeksi”ning oliy ta’lim tizimidagi o‘rni va ahamiyati haqida tushuntirishlar taqdim etildi.
Fakultet rahbariyati tomonidan ota-onalarga farzandlarini nafaqat o‘qishda, balki ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lishga undash, ularni mustaqil fikrlashga va mas’uliyatli shaxs sifatida shakllanishiga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.
Forum yakunida ota-onalar universitet bo‘ylab sayohat qilib, auditoriyalar, axborot-resurs markazi, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ular o‘z farzandlari ta’lim olayotgan muhitdan mamnunlik izhor etib, ta’lim sifatini yanada oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirdilar.
Bunday forumlar ota-onalar, o‘qituvchilar va talabalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.