

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi buyrug‘iga asosan bugun Farg‘ona davlat universiteti Jismoniy madaniyat fakultetida “Yangi O‘zbekistonimiz oliy gumanitar o‘quv yurtlarimizda jismoniy tarbiya mutaxassislarini tayyorlashning tubdan takomillashtirishining ilmiy-nazariy asoslari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy asoslarini mustahkamlash, mutaxassislar tayyorlash jarayonini modernizatsiya qilish, hamda ta’lim va amaliyot o‘rtasidagi uzviylikni kuchaytirishdan iboratdir.
Anjumanda respublikaning turli hududlaridan yetakchi oliy ta’lim muassasalari olimlari, amaliyotchi mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etishdi. Tadbir davomida jismoniy tarbiya tizimida kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari, innovatsion texnologiyalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va sport ta’limining samaradorligini oshirish masalalari keng muhokama qilindi.

Ma’ruzachilar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, metodik tavsiyalar, shuningdek, xalqaro tajriba asosida ishlab chiqilgan ilg‘or o‘quv dasturlari haqida taqdimotlar o‘tkazildi.
Tadbir yakunida anjuman ishtirokchilari o‘zaro fikr almashib, jismoniy tarbiya mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha yangi taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar. Mazkur anjuman jismoniy madaniyat va sport ta’limini yanada rivojlantirish, yosh avlodning sog‘lom va barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiluvchi muhim qadam bo‘ldi.
Ilmiy yondashuv — ta’lim sifati kafolati, sog‘lom avlod esa millat kelajagining tayanchi.