


Farg‘ona davlat universitetida Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti Guba filiali rektori professor Yusuf Aliyev hamda Farg’ona davlat universiteti rektori professor Bahodirjon Shermuhammadov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar va ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, xalqaro ta’lim maydonida yangi istiqbollarni belgilash maqsadida tashkil etildi.
Suhbat davomida tomonlar inklyuziv ta’lim tizimini takomillashtirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini rivojlantirish, va onlayn darslar tizimini kengaytirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Shuningdek, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kuchaytirish hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etishda o‘zaro tajriba almashishning ahamiyati ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish hamda ikki oliygoh o‘rtasida barqaror akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Ushbu tashrif O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi do‘stona rishtalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Farg‘ona davlat universiteti xalqaro ta’lim makonida o‘z o‘rnini mustahkamlab, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘quv jarayoniga tatbiq etishda izchil harakat qilmoqda.