

Farg‘ona davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur uchrashuv mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari hamda yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan muhim vazifalar bo‘yicha tushunchalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida Farg‘ona davlat universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat targ‘ibot guruhi tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan asosiy g‘oyalar, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan islohotlarning mazmuni, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv ochiq muloqot tarzida o‘tkazilib, ishtirokchilar mamlakat taraqqiyoti, ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ilm-fan va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldilar.
Mazkur ma’rifiy uchrashuv Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni chuqur anglash, ularni amaliyotga tatbiq etishda professor-o‘qituvchilar va keng jamoatchilikning faolligini oshirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.