
Respublikamizda yoshlarning bilim, tashabbus va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli loyihalardan biri — “Eng faol yil talabasi – 2025” respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi tantanali tarzda bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Vazirlik huzuridagi Talaba va o‘quvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazi tomonidan Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Tadbir yoshlarning ta’lim, sport, fan va ijod sohalaridagi yutuqlarini munosib baholashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Quvonarlisi shundaki, ushbu nufuzli tanlovda “Yilning eng faol sportchisi” nominatsiyasi bo‘yicha Farg‘ona davlat universiteti sport faoliyati fakultetining boks yo‘nalishi talabasi Abdulloh Madaminov yuksak natija ko‘rsatib, faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib talaba sportdagi yuksak yutuqlari, qat’iyati va respublika miqyosidagi faolligi e’tirof etilib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining diplomi, maxsus statuetka hamda bazaviy hisoblash miqdorining 15 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Abdulloh Madaminovning ushbu muvaffaqiyati Farg‘ona davlat universitetida sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tizimli ishlarning amaliy samarasidir.