Ishonch telefoni:
(+99873) 244-44-15

Farg‘ona davlat universiteti filologiya fakulteti tashabbusi bilan ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni, temuriylar davri Uyg‘onishining yorqin namoyandasi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan “Boqiylik saodati” nomli ilmiy-nazariy hamda adabiy-badiiy anjuman yuksak saviyada tashkil etildi.
Mazkur anjuman Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganish, uning turkiy adabiyot va til taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasini keng targ‘ib etish, shuningdek, asarlarida mujassam bo‘lgan yuksak insonparvarlik, ma’naviy poklik va komil inson g‘oyalarini bugungi yoshlar ongiga singdirishga qaratildi.
Anjuman davomida yetuk olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi, badiiy tafakkuri, til va adabiyot tarixidagi o‘rni yuzasidan mazmunli, ilmiy asoslangan va tahliliy ma’ruzalar taqdim etildi. Ma’ruzalarda mutafakkir shoirning asarlari orqali inson qalbiga yetaklovchi g‘oyalar, adolat, ezgulik va ma’rifat masalalari chuqur yoritib berildi.
Anjumanning badiiy qismi esa tadbirga o‘zgacha ruh va fayz bag‘ishladi. FarDU san’atshunoslik yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlar hamda Marg‘ilon shahar musiqali maqom teatri aktyorlari tomonidan tayyorlangan adabiy-musiqiy kompozitsiya buyuk shoir ijodining badiiy jozibasi va ruhiy qudratini yorqin ifoda etdi. G‘azal va ruboiylar, mumtoz kuylar hamda sahna ko‘rinishlari ishtirokchilarda chuqur va unutilmas taassurot qoldirdi.
“Boqiylik saodati” anjumani Alisher Navoiy merosining zamonlar osha o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmay kelayotganini yana bir bor namoyon etib, yoshlar qalbida milliy adabiyotimizga, ona tilimizga va buyuk ajdodlarimiz merosiga bo‘lgan cheksiz hurmat va faxr tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...