
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona davlat universitetiga tashrifi davomida oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yaratilgan zamonaviy sharoitlar hamda ta’lim jarayonidagi innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif doirasida universitet infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, auditoriyalar va amaliy mashg‘ulot xonalarining zamonaviy jihozlanishi, talabalar uchun yaratilgan qulayliklar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda oliy ta’lim tizimida nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash ham ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda.
Xususan, agrar qo‘shma fakultetida yo‘lga qo‘yilgan dual ta’lim tizimi tashrif davomida alohida qiziqish uyg‘otdi. Mazkur tizim asosida talabalar o‘quv jarayonini amaliyot bilan birga olib borib, ishlab chiqarish muhitida tajriba orttirmoqda. Bu yondashuv yosh mutaxassislarning bozor talablariga mos, puxta bilim va real ko‘nikmalarga ega bo‘lib yetishishida muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Professor-o‘qituvchilar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dual ta’lim shakli talabalar bandligini ta’minlash, ularning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga puxta tayyorgarlik ko‘rishida samarali natijalar bermoqda.
Xalqaro hamkorlik doirasida tashkil etilgan “aqlli issiqxona” loyihasi esa zamonaviy agrar ta’limning amaliy namunasi sifatida e’tirof etildi. Eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan ushbu issiqxonada harorat, namlik va sug‘orish jarayonlari avtomatlashtirilgan tizim orqali boshqariladi.
Mazkur loyiha talabalarga nazariy bilimlarni bevosita amaliyotda sinab ko‘rish, innovatsion texnologiyalar bilan ishlash va zamonaviy agrotexnik usullarni o‘zlashtirish imkonini bermoqda. Shu orqali universitetda kelajakda raqobatbardosh, yuqori malakali, xalqaro mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘la oladigan mutaxassislar tayyorlashga mustahkam zamin yaratilmoqda.
Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida talabalar uchun munosib sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiy muammolarini hal etish hamda sifatli ta’lim olishlari uchun zarur infratuzilmani shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Farg‘ona davlat universitetida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar esa ushbu siyosatning amaliy natijasi bo‘lib, yoshlarning ilm olishga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.