

Farg‘ona davlat universitetida yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot ruhi hukm surdi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov iqtidorli hamda nomdor davlat stipendiyalari sohiblari bo‘lgan talabalar bilan uchrashib, ularning ilmiy izlanishlari, kelajak rejalari va maqsadlari bilan yaqindan tanishdi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yoshlarning fikr-mulohazalari, tashabbuslari va takliflari tinglandi. Hokim o‘z so‘zida bugungi kunda bilimli, keng dunyoqarashga ega, yuksak ma’naviyatli yoshlar jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchi ekanini ta’kidladi.
Muloqot davomida ilm olishning ahamiyati, bilim yo‘lidagi mashaqqatlarga bardoshli bo‘lish, izlanishdan to‘xtamaslik va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash masalalariga alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanganidek, muvaffaqiyat ortida doimiy mehnat, qat’iyat va fidoyilik turadi.
Yoshlar o‘z oldiga katta maqsadlar qo‘yishi, nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishni bosh mezon sifatida belgilashi lozimligi qayd etildi. “Chuqur bilim va umuminsoniy qadriyatlar har bir talabaning bosh maqsadi bo‘lishi kerak”, — deya ta’kidladi viloyat rahbari.
Uchrashuvda stipendiya sohiblari o‘z ilmiy loyihalari, erishgan yutuqlari hamda kelgusidagi rejalari haqida so‘z yuritdi. Ularning tashabbuskorligi, intilishi va yangilikka ochiqligi e’tirof etildi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning fikrini tinglash, ularni qo‘llab-quvvatlash va mavjud muammolariga yechim topishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish hududning ilmiy-intellektual rivojlanishiga xizmat qiladi.
Bugungi kunda davlat siyosatida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Farg‘ona davlat universitetida tashkil etilgan mazkur uchrashuv ana shu e’tiborning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Samimiy ruhda o‘tgan muloqot yoshlarni yanada ruhlantirib, ularga katta maqsadlar sari dadil qadam tashlash, ilm va ma’naviyatni uyg‘un holda egallash zarurligini yana bir bor eslatdi.