
Farg‘ona davlat universiteti yana bir iqtidorli bitiruvchisi bilan faxrlanadi. Ingliz tili va adabiyoti fakultetining bitiruvchisi Murodjon Ganiev bugun o‘z bilim va salohiyati bilan xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.
Hozirda Germaniyada yashab, tahsil olayotgan Murodjon 6–8 fevral kunlari AQShning dunyoga mashhur Garvard universitetida o‘tkazilgan Osiyo va boshqa mamlakatlardan tashrif buyurgan talabalar ishtirokidagi nufuzli xalqaro konferensiyada qatnashdi. Mazkur ilmiy anjuman turli davlatlardan kelgan yosh tadqiqotchilar, talabalar va ekspertlarni bir maydonga jamlab, dolzarb global masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini yaratdi.
Farg‘ona davlat universitetida tahsil olgan yillarida Murodjon nafaqat akademik bilimlarni chuqur egalladi, balki til kompetensiyasi, mustaqil fikrlash va ilmiy izlanish ko‘nikmalarini ham rivojlantirdi. Universitetdagi mustahkam ta’lim muhiti, professor-o‘qituvchilarning qo‘llab-quvvatlashi va xalqaro imkoniyatlarga ochiqlik uning bugungi muvaffaqiyatlariga zamin yaratdi.

Garvard kabi dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasasida o‘tkazilgan konferensiyada ishtirok etish — har bir yosh tadqiqotchi uchun katta sharaf. Fakultetimiz vakili sifatida ushbu maydonda qatnashish Murodjonning shaxsiy yutug‘i bo‘lish bilan birga, FDU bitiruvchilarining global raqobatbardoshligini ham namoyon etdi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar o‘z ilmiy qarashlari, tadqiqot natijalari va innovatsion g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdilar. Turli madaniyat va ta’lim tizimlariga mansub yoshlarning muloqoti xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi tashabbus va loyihalarga yo‘l ochish imkonini berdi.
Bunday nufuzli anjumanlarda qatnashish yosh mutaxassislarning dunyoqarashini kengaytiradi, ularga xalqaro ilmiy hamjamiyat bilan bevosita muloqot qilish, tajriba almashish va o‘z salohiyatini namoyish etish imkonini beradi.