
Farg‘ona davlat universiteti (FarDU) sport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam tashlandi. Xalqaro futbol boshqaruvi tizimida faoliyat yurituvchi menejer Kristian Shmeylezer “FarDU” sport majmuasiga tashrif buyurib, maydon va infratuzilma holatini atroflicha o‘rgandi.
Mazkur tashrif universitet sport hayotida muhim voqea sifatida e’tirof etilmoqda.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — “FarDU” sport majmuasi maydoni infratuzilmasining xalqaro standartlarga muvofiqligini baholash, texnik va tashkiliy jihatlarni o‘rganish hamda istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston Pro-ligasi yangi mavsumiga tayyorgarlik ishlari, jamoalarga yaratilgan sharoitlar, maydon sifati, yoritish tizimi, xavfsizlik va muxlislar uchun infratuzilma masalalari ham ko‘zdan kechirildi.
Mutaxassis tomonidan berilgan tavsiyalar sport majmuasini yanada takomillashtirish, uni professional musobaqalar o‘tkazish talablariga to‘liq moslashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Martabali mehmon universitet rahbariyati tomonidan tantanali ravishda kutib olindi. Tashrif davomida o‘zaro muloqotlar samimiy va konstruktiv ruhda kechdi.
Eslalik sifatida Kristian Shmeylezerga “FarDU” futbol klubining maxsus ramziy futbolkasi topshirildi. Ushbu ramziy sovg‘a universitet va xalqaro sport tashkilotlari o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik timsoliga aylandi.
FIFA menejerining ushbu tashrifi bir necha muhim yo‘nalishlarda yangi imkoniyatlar yaratadi:
sport infratuzilmasini xalqaro standartlarga yanada yaqinlashtirish,
rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar olish,
xorijiy sport tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish,
universitet imijini respublika va xalqaro miqyosda mustahkamlash.
Bu esa FarDUning nafaqat ta’lim, balki sport sohasida ham yetakchi maskan sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
Tashrif yakunida Kristian Shmeylezer tomonidan “FarDU” sport majmuasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari yuqori baholandi. Maydon sifati, infratuzilma yangilanish jarayonlari va professional yondashuv e’tirof etildi.
Mazkur tashrif universitet sport hayotida yangi bosqichni boshlab berishi, “FarDU” futbol klubining yutuqlari va sport majmuasining nufuzi yanada oshishiga xizmat qilishi kutilmoqda.