

Farg‘ona davlat universiteti Filologiya fakultetida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan navbatdagi “Kelajak soati” mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi. Mazkur dars fakultet dekani M. Mamajonov tomonidan olib borildi.
Dars davomida talabalarga o‘zbek mumtoz adabiyotining ikki ulkan namoyandasi — Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti hamda ijodi haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Fakultet dekani buyuk ajdodlarimizning nafaqat adabiyot, balki davlat boshqaruvi, ilm-fan va ma’naviyat rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. Ayniqsa, Navoiy va Bobur merosining bugungi yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ularning asarlarida ilgari surilgan insonparvarlik, vatanparvarlik va komillik g‘oyalari alohida ta’kidlandi.

Mashg‘ulot jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi – Spichrayteri, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov tomonidan “Kelajak soati” darslari uchun maxsus tayyorlangan videorolik talabalarga namoyish etildi. Unda Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi, ularning betakror ijodi va tarixiy xizmatlari chuqur tahlil qilindi.
Videomaterial yoshlar qalbida ajdodlarimizga bo‘lgan faxr va iftixor tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
“Kelajak soati” doirasidagi bunday uchrashuvlar talabalarning tarixiy xotirasini mustahkamlash, milliy o‘zlikni anglash hamda ajdodlar merosini chuqur o‘rganishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida talabalarning fikr-mulohazalari tinglanib, mavzu yuzasidan ochiq muloqot tashkil etildi. Shubhasiz, buyuk siymolar hayoti va ijodini o‘rganish yosh avlodni yuksak ma’naviyatli, keng dunyoqarashli shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.