

Filologiya fakultetida 1-bosqich rus tili yo‘nalishi talabalari tashabbusi bilan buyuk sarkarda, davlat arbobi va iste’dodli shoir — Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-badiiy tadbir yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — talaba-yoshlar qalbida ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga hurmat tuyg‘usini kuchaytirish, ularning tarixiy xotirasini mustahkamlash hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda rus tili o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti O. Akbarov “Bobur — ilm-fan va madaniyat homiysi” mavzusida mazmunli ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada Boburning nafaqat mohir sarkarda, balki nozik didli shoir, tarixchi va madaniyat homiysi sifatidagi qiyofasi atroflicha yoritildi.
Boburning bebaho asari — Boburnoma jahon adabiyoti va tarixshunosligida muhim manba sifatida e’tirof etilishi, undagi voqealar bayonining aniqligi va badiiyligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, uning davlat boshqaruvi, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish borasidagi xizmatlari haqida fikr yuritildi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan Bobur g‘azallaridan namunalar mahorat bilan ifodali o‘qildi. Sahna ko‘rinishlari orqali shoirning hayoti, murakkab taqdiri va ijodiy izlanishlari jonli tasvirlandi. Shuningdek, Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan taqdimotlar namoyish etilib, tarixiy faktlar hamda qiziqarli ma’lumotlar keng yoritildi.
Badiiy chiqishlar yoshlarning nafaqat til va adabiyotga, balki milliy tariximizga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi. Tadbir tomoshabinlarda katta taassurot qoldirib, ajdodlar merosini chuqur o‘rganish va uni kelajak avlodlarga yetkazish zarurligini yana bir bor eslatdi.