
Farg'ona davlat universiteti pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti talabasi Sotvoldiyeva Mohlaroyim G’ayratjon qizi Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi miqyosida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro ilmiy-amaliy tanlovda munosib ishtirok etib, yuksak e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Iqtidorli talaba tanlovda “An’anaviy xonandalikda ovozni yo‘lga qo‘yish masalalari” mavzusidagi ilmiy maqolasi bilan qatnashdi. Mazkur tadqiqot milliy vokal san’atining nazariy va amaliy jihatlarini yoritib, an’anaviy xonandalik maktabida ovoz tarbiyasi, nafasni to‘g‘ri taqsimlash, ijro madaniyati va sahna mahorati kabi dolzarb masalalarni ilmiy asosda tahlil qilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadqiqot ishida an’anaviy xonandalikning boy merosi, ustoz-shogird an’analari hamda ovozni tabiiy va sog‘lom shakllantirish usullari haqida atroflicha fikr yuritilgan. Shuningdek, zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida yosh ijrochilarning vokal imkoniyatlarini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Tanlov hay’ati tomonidan ishning dolzarbligi, ilmiy yangiligi va amaliy ahamiyati yuqori baholanib, Mohlaroyim “Yosh tadqiqotchi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mazkur yutuq nafaqat talabaning shaxsiy muvaffaqiyati, balki universitet ilmiy salohiyatining yana bir yorqin namunasidir. Bunday natijalar yoshlarning ilm-fan va san’at sohasidagi izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni xalqaro maydonga olib chiqish borasidagi tizimli ishlar samarasidir.
Sotvoldiyeva Mohlaroyimning muvaffaqiyati boshqa talaba-yoshlar uchun ham ilhom manbai bo‘lib, ilmiy izlanish va ijodiy mehnat orqali katta marralarga erishish mumkinligini yana bir bor isbotladi.