
Farg‘ona davlat universitetida xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda universitet xalqaro hamkorlik bo‘limi vakillari hamda Korea International Cooperation Agency (KOICA) delegatsiyasi ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibida KOICA’ning O‘zbekistondagi ofis koordinatori Shukrullo Shukurov hamda loyiha menejeri Subin Ho qatnashib, o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar.
Muloqot davomida KOICA grantlari asosida ilg‘or xalqaro tajribani ta’lim jarayoniga joriy etish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xorijiy volontyor mutaxassislarni universitet fakultetlariga jalb etish orqali talabalarning amaliy ko‘nikmalarini boyitish, zamonaviy metodika va innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot hamkorligini rivojlantirish, akademik almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda grant loyihalarida faol ishtirok etish yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur hamkorlik FarDU talabalari va professor-o‘qituvchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, xalqaro maydonda tajriba almashish va zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, istiqboldagi qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda o‘zaro aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishdilar.
FarDU va KOICA o‘rtasidagi mazkur muloqot universitetning xalqaro nufuzini yanada oshirish, ta’lim sifatini yuksaltirish va global hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.