

Oliy ta’lim muassasalarida bitiruvchi yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash va mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilayotgan “Kelajakka qadam” loyihasi doirasidagi navbatdagi uchrashuv yuqori saviyada o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda 165 nafar bitiruvchi talaba faol ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutaxassislardan javob olish imkoniga ega bo‘ldi.
Uchrashuv davomida fakultet rahbariyati hamda soha mutaxassislari tomonidan zamonaviy mehnat bozori talablari, ish beruvchilar kutayotgan professional va shaxsiy kompetensiyalar, o‘z ustida ishlash hamda doimiy rivojlanishning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Bitiruvchilarga:
rezyume tayyorlash va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish sir-asrorlari,
amaliyot jarayonida tajriba orttirish yo‘llari,
davlat va xususiy sektor tashkilotlarida ishga joylashish mexanizmlari,
o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari haqida muhim tavsiyalar taqdim etildi.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bugungi kunda nafaqat diplom, balki tashabbuskorlik, muloqot madaniyati, jamoada ishlash ko‘nikmasi va raqamli savodxonlik ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda qator tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etib, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdilar:
Fargʻona viloyati Milliy gvardiyasi
Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi
Fargʻona viloyati Sport boshqarmasi
Milliy bankning “Kelajakka qadam” markazi
E-auksion markazi
Vakillar tomonidan tashkilot tizimidagi vakant lavozimlar, xizmatga qabul qilish shartlari, tanlov bosqichlari va ijtimoiy kafolatlar haqida tushuntirishlar berildi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, kelgusidagi faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha aniq tasavvurga ega bo‘lishdi.
“Kelajakka qadam” uchrashuvi bitiruvchilar uchun nafaqat axborot maydoni, balki real imkoniyatlar platformasiga aylandi. Bunday tadbirlar yoshlarning mehnat bozoriga moslashuvini osonlashtirib, ularni mustaqil hayot sari dadil qadam tashlashga undaydi.
Zero, har bir bitiruvchining muvaffaqiyati – jamiyat taraqqiyotining muhim omilidir.