
Bo‘stonliqning so‘lim tabiati bag‘rida joylashgan Yoshlar oromgohida “Antinarko yoshlar front-ofislari” koordinatorlari uchun 5 kunlik maxsus seminar-trening tashkil etildi. Mazkur loyiha yoshlar orasida giyohvandlikning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali kurashish maqsadida o‘tkazildi.
Hududlardan tashrif buyurgan 200 ga yaqin koordinatorlar trening davomida:
giyohvandlikka qarshi kurashishning zamonaviy usullari,
yashirin va yangi turdagi xavflarni erta aniqlash,
tengdoshlarga to‘g‘ri psixologik ta’sir o‘tkazish mexanizmlari,
SMM va zamonaviy media orqali ta’sirchan targ‘ibot olib borish,
profilaktik suhbat va jamoatchilik bilan ishlash ko‘nikmalarini egalladilar.
Mutaxassislar tomonidan interaktiv mashg‘ulotlar, amaliy кейслар, jamoaviy muhokamalar va real vaziyatlarga asoslangan treninglar o‘tkazildi. Ishtirokchilar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy tajriba bilan ham boyidilar.
Trening ishtirokchilari orasida Farg‘ona davlat universiteti Tarix fakulteti talabasi Abduqahharova Nigoraxon ham faol qatnashdi. U seminar davomida tengdoshlar bilan ishlash, ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom g‘oyalarni ilgari surish va yoshlar o‘rtasida ogohlikni oshirish borasidagi loyihalar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Bunday tashabbuskor yoshlar hududlarda “Antinarko front-ofislari” faoliyatini yanada jonlantirishda muhim o‘rin tutadi.
Oromgoh yakunida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Suhbat davomida giyohvandlik — nafaqat individual, balki jamiyat kelajagiga tahdid soluvchi jiddiy xavf ekani alohida ta’kidlandi.
“Bu illatga qarshi kurashishda kattadan kichik — barchamiz birdek mas’ulmiz. Eng samarali kurash esa yoshlarning o‘zi orqali, tengdosh-tengdoshga ta’sir tamoyili asosida olib boriladi,” — deya qayd etildi muloqot jarayonida.
Ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari, hududlardagi muammolar va innovatsion takliflarini bildirishdi. Bu esa ochiq va konstruktiv muloqot muhitini yaratdi.
Mazkur 5 kunlik trening yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirish, zararli odatlarning oldini olish va ijtimoiy faollikni kuchaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Bugun olingan bilim va tajriba ertangi kunda hududlarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari, profilaktik tadbirlar hamda yoshlar bilan samarali ishlash mexanizmlariga aylanadi.
Zero, yoshlarni asrash — bu kelajakni asrash demakdir.