

Oliy Majlis Senatida “Yosh ekologlar harakati” Farg‘ona viloyati kengashi a’zolari uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Mazkur tashrif yoshlarning parlament faoliyati bilan yaqindan tanishishi, qonunchilik jarayonlarini amalda ko‘rishi hamda ekologik tashabbuslarini yuqori darajada ilgari surishi uchun muhim platformaga aylandi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Senatning asosiy vazifa va konstitutsiyaviy vakolatlari, qonun ijodkorligi jarayoni, qabul qilingan hujjatlar ijrosi ustidan parlament nazorati mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Yoshlar qonun loyihalarining ishlab chiqilish bosqichlari, qo‘mitalar faoliyati hamda hududlar manfaatlarini himoya qilishdagi institutsional mexanizmlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, joylardagi dolzarb muammolarni qonunchilik tashabbuslari orqali hal etishda Senatning o‘rni alohida ta’kidlandi.
Senatorlar bilan uchrashuv davomida atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlarda ekologik muammolarni bartaraf etish, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, suv va yer resurslarini asrash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv jarayonida yosh ekologlar o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdilar. Xususan:
jamoatchilik ekologik nazoratini kuchaytirish,
aholining ekologik madaniyatini oshirish,
yoshlar o‘rtasida eko-loyihalar va volontyorlik harakatlarini kengaytirish,
hududiy ekologik muammolar bo‘yicha qonunchilik takliflarini ishlab chiqish kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.
Senatorlar tomonidan yoshlarning faol pozitsiyasi yuqori baholanib, ularning tashabbuslari qonunchilik jarayonida inobatga olinishi ta’kidlandi.
“Ochiq eshiklar kuni” nafaqat tanishtiruv tadbiri, balki yoshlar va qonun chiqaruvchi hokimiyat o‘rtasida samarali muloqot maydoniga aylandi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, ularni davlat boshqaruvi jarayonlariga jalb etish hamda ekologik mas’uliyatni kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.