

Sport faoliyati fakultetida 4-bosqich talabalarining ota-onalari ishtirokida an’anaviy “Ota-onalar forumi” yuqori saviyada tashkil etildi. Tadbir ochiq muloqot, hamkorlik va ishonch muhitida o‘tib, ta’lim jarayonidagi dolzarb masalalarni muhokama qilishga xizmat qildi.
Forumda fakultet dekani I. Yuldashov, universitet profilaktika inspektori S. Umarov, Ota-onalar kengashi raisi O. G‘ofurov, Murabbiylar kengashi raisi B. Latipov, dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari hamda guruh murabbiylari ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida ota-onalar farzandlarining o‘qish jarayoni, ijtimoiy faolligi va kelgusidagi rejalari yuzasidan bevosita rahbariyat bilan fikr almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Yig‘ilishda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, 7-semestr yakunlari, talabalarning davomati, o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, mavjud akademik qarzdorliklar hamda bitiruvchilarni ishga joylashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ta’lim jarayonida sifat va samaradorlikni oshirish, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Bitiruvchi bosqich talabalari uchun esa kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozoriga moslashuv masalalari alohida e’tiborda turibdi.
Universitet profilaktika inspektori S. Umarov talaba-yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda zararli illatlardan himoya qilishda ota-onalar bilan yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Forum davomida ota-onalar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi, taklif va mulohazalar tinglandi. Bu esa ta’lim muassasasi va oila o‘rtasidagi uzviy aloqani yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir yakunida 2025–2026 o‘quv yilida o‘zining faolligi, namunali xulqi hamda fanlarni a’lo baholarga o‘zlashtirgani bilan ajralib turgan talabalarning ota-onalariga fakultet dekanining Tashakkurnomalari tantanali ravishda topshirildi.
Bu e’tirof nafaqat talabalar, balki ularning ota-onalari uchun ham katta rag‘bat bo‘ldi. Zero, har bir muvaffaqiyat ortida oila, tarbiya va doimiy qo‘llab-quvvatlash mujassam.
“Ota-onalar forumi” – bu shunchaki uchrashuv emas, balki ta’lim sifatini oshirish, yoshlarni barkamol inson etib tarbiyalash va kelajak poydevorini birgalikda mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Sport faoliyati fakultetida bunday ochiq va samimiy muloqotlar an’anaviy tarzda davom etadi