
Teatr azaldan hayot ko‘zgusi, muqaddas dargoh sifatida e’tirof etib kelinadi. Uning tarbiyaga yo‘g‘rilgan saboqlari insonni odamiylikka, ezgulikka, halollik va poklikka chorlaydi. Sahna orqali aytilgan har bir so‘z, namoyon etilgan har bir obraz tomoshabin qalbida chuqur iz qoldiradi, uni mushohadaga undaydi.
Bugun jamiyatimizda dolzarb masalalardan biri – yoshlarni giyohvandlik balosidan asrashdir. “Giyohvandlikka qarshi kurashish” oyligi doirasida Fargʻona davlat universitetida bir qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bu tashabbuslar yoshlar ongida sog‘lom turmush tarzi, mustahkam iroda va mafkuraviy immunitetni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Yoshlar orasida giyohvandlikning “asr vabosi”, yoshlikning kushandasi ekani haqida keng targ‘ib qiluvchi spektakllar mazkur tadbirlarning yorqin namunasi bo‘ldi. Iqtidorli talabalar tomonidan sahnalashtirilgan asarlar tomoshabinlarga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.


Namoyish etilgan sahna asarlari:
Filologiya fakultetining “Yog‘du” teatr jamoasi tomonidan “Kirish boru chiqish yo‘q” nomli sahna asari namoyish etildi. Asarda giyohvandlik botqog‘iga kirib qolgan insonning ortga yo‘l topolmay, hayotini barbod qilishi ta’sirchan ifoda etildi.
Ingliz tili va adabiyoti fakultetining “Unusual” teatr jamoasi tomonidan “Kechikkan pushaymon” spektakli sahnalashtirildi. Ushbu asarda insonning xatoni anglagan paytdagi afsus-nadomati, biroq vaqt ortga qaytmasligi achchiq haqiqat sifatida yoritildi.
Iqtisodiyot fakulteti teatr jamoasi “Giyohvandlik – umr zavoli” shiori ostida o‘tkazilgan sahna ko‘rinishi tanlovida “To‘da” spektaklidan parcha namoyish etdi. Unda yomon muhit va noto‘g‘ri do‘stlik inson taqdirini qanday izdan chiqarishi ochib berildi.

Pedagogika-psixologiya va san’atshunoslik fakulteti talabalarining “Yosh dramaturglar” jamoasi tomonidan muallif Nasrulla Qobilning “To‘da” yoxud giyohvandlik umr zavoli asari asosida sahna ko‘rinishi taqdim etildi. Mazkur asar yoshlar hayotida uchraydigan psixologik bo‘shliq, e’tiborsizlik va noto‘g‘ri qarorlarning ayanchli oqibatlarini yoritdi.
Spektakllarda inson hayoti, ota-ona ishonchi, orzu-umidlar va porloq kelajakning birgina noto‘g‘ri tanlov sabab so‘nib borishi badiiy talqin orqali ochib berildi. Har bir sahna yoshlarni hushyorlikka, to‘g‘ri yo‘lni tanlashga, sog‘lom turmush tarzini qadrlashga da’vat etdi.
Tomoshabinlar qalbiga chuqur ta’sir qilgan ushbu sahna asarlari shuni yana bir bor isbotladiki, teatr – bu shunchaki tomosha emas, balki tarbiya maktabidir. U yoshlarni hayotga mas’uliyat bilan qarashga, o‘z kelajagi uchun ongli tanlov qilishga undaydi.
Bugungi kunda teatr yoshlar uchun nafaqat ijodiy maydon, balki ma’naviy immunitetni mustahkamlovchi kuchli vositaga aylanmoqda. Sahna orqali berilayotgan har bir xabar – ogohlantirish, har bir obraz – saboqdir.
Shunday ekan, yoshlar ongida sog‘lom hayot tamoyillarini mustahkamlashda teatr san’atining o‘rni beqiyosdir. Chunki teatr – hayot ko‘zgusi, ma’naviyat beshigi va inson qalbini poklovchi muqaddas maskandir.