Ishonch telefoni:
(+99873) 244-44-15

Fargʻona davlat universiteti hamda QS xalqaro reytingida 316-o‘rinni egallab turgan Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib bormoqda. Mazkur hamkorlik doirasida Filologiya fakulteti, Rus filologiyasi kafedrasining 3 nafar iqtidorli talabasi 2026-yil 9-fevraldan boshlab bir semestr davomida akademik almashinuv dasturi asosida RUDNda tahsil olish uchun yuborildi.
Dasturda 3-bosqich talabalari Kamolova Maxbubaxon Qodir qizi, Abdullayeva Muborak Abdumalik qizi hamda 2-bosqich talabasi Tursunova Salimaxon Ulug‘bek qizi ishtirok etmoqda. Ular tanlov asosida saralab olinib, yuqori akademik ko‘rsatkichlari, ilmiy izlanishlarga qiziqishi va xorijiy tillarni puxta egallagani bilan ajralib turadi.
Talabalar almashinuv dasturi davomida RUDNning zamonaviy o‘quv bazasi, ilg‘or ilmiy maktablari va tajribali professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, ular turli xalqaro talabalar bilan muloqot qilib, madaniyatlararo tajriba almashish, ilmiy loyihalarda ishtirok etish hamda yangi akademik ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Akademik almashinuv dasturi talabalar uchun nafaqat bilim va tajriba oshirish, balki dunyoqarashni kengaytirish, mustaqil fikrlash va ilmiy salohiyatni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi. Bu kabi loyihalar ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-pedagogik aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Universitet rahbariyati va professor-o‘qituvchilari talabalarga muvaffaqiyatli o‘qish, yuqori natijalarga erishish hamda xalqaro maydonda FarDU nomini munosib himoya qilishlarini tilab qolmoqda. Ishonch bildiriladiki, ular orttirgan bilim va tajribalarini kelgusida yurtimiz ravnaqi yo‘lida samarali qo‘llaydilar.
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...