Ishonch telefoni:
(+99873) 244-44-15

Fargʻona davlat universitetida “Korrupsiya — taraqqiyot kushandasi” mavzusida tyutorlar uchun ma’naviy-ma’rifiy seminar tashkil etildi. Tadbirning asosiy maqsadi — ta’lim muhitida ochiqlik va halollik tamoyillarini mustahkamlash, yoshlar ongida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’siri, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi oqibatlari, shuningdek, uni barvaqt oldini olishning samarali mexanizmlari xususida batafsil ma’lumotlar berildi. Korrupsiya nafaqat iqtisodiy o‘sishga to‘sqinlik qilishi, balki fuqarolarning davlat va jamiyatga bo‘lgan ishonchini susaytirishi, adolat tamoyillariga putur yetkazishi alohida ta’kidlandi.

Tadbirda ta’lim tizimida shaffoflikni ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda profilaktik choralarni tizimli yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Tyutorlarning talaba-yoshlar bilan bevosita ishlashi inobatga olinib, ular zimmasiga yuklatilgan mas’uliyat, xususan, yoshlarda halollik, vijdonlilik va qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish borasidagi vazifalar keng yoritildi.
Shuningdek, seminar interaktiv muloqot, savol-javob va fikr almashuvlar ruhida o‘tdi. Ishtirokchilar real hayotiy misollar asosida korrupsion holatlarni aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdilar.
Seminar yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish har bir fuqaroning, ayniqsa, ta’lim sohasi vakillarining fuqarolik burchi ekani qayd etildi. Korrupsiyaga nisbatan qat’iy va murosasiz pozitsiyani shakllantirish, sog‘lom ijtimoiy muhitni yaratish hamda yoshlarni yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash bugungi kunning dolzarb vazifasi ekani yana bir bor e’tirof etildi.
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...
Iltimos, kuting. Yuklanyapti...