
Muqaddas Ramazon oyi inson qalbini poklaydigan, mehr-oqibat, bag‘rikenglik va saxovat kabi yuksak insoniy fazilatlar yanada yuksaladigan muborak davrdir. Ushbu fayzli oyda jamiyatda hamjihatlik, o‘zaro hurmat va insoniylik qadriyatlari yanada mustahkamlanadi.


Shu munosabat bilan Farg‘ona davlat universitetida Iqtisodiyot fakulteti hamda 9–10-talabalar turar joyida istiqomat qilayotgan talaba-yoshlar uchun fayzli iftorlik dasturxoni tashkil etildi. Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Iftorlik dasturxoni nafaqat birgalikda ro‘za ochish, balki talaba-yoshlar bilan samimiy suhbat qurish uchun ham qulay imkoniyat bo‘ldi. Tadbir davomida universitet rahbariyati yoshlar bilan ochiq muloqot olib borib, ularning ta’lim jarayoni, turmush sharoitlari, kelajak rejalari hamda ularni qiziqtirgan masalalar haqida fikr almashdi.
Samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida talabalar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirib, ta’lim sifatini yanada oshirish, talabalar turar joylaridagi sharoitlarni takomillashtirish hamda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Dasturxon atrofidagi iliq va samimiy muhit talaba-yoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat, jipslik va mehr-oqibat kabi fazilatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Bunday uchrashuvlar yoshlarning ma’naviy kamolotiga, ularning jamiyatda faol, tashabbuskor va vatanparvar shaxs sifatida shakllanishiga katta hissa qo‘shadi.
Ramazon oyida tashkil etilayotgan bunday tadbirlar universitet jamoasida o‘zaro mehr-muhabbat, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlab, talaba-yoshlarning qalbida ezgulik va saxovat tuyg‘ularini yanada kuchaytiradi.