

Farg‘ona davlat universitetida oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, ta’lim sifati va ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan Universitet Kengashining 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda universitet rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari hamda tegishli bo‘lim va xizmatlar mas’ullari ishtirok etib, universitet faoliyatiga doir bir qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Kengash yig‘ilishida dastlab yo‘riqnoma hujjatlar ijrosi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda belgilangan ustuvor vazifalarning universitet miqyosida amalga oshirilishi tahlil qilindi.
Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni innovatsion loyihalar va startap tashabbuslariga keng jalb etish borasidagi faoliyat yuzasidan mas’ullar tomonidan hisobotlar tinglandi.

Kun tartibidagi muhim masalalardan biri sifatida universitetda HEMIS axborot tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Ta’lim jarayonini raqamlashtirish, elektron boshqaruv tizimlarini rivojlantirish va ma’lumotlar bazasining samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha tegishli takliflar bildirildi.
Shuningdek, universitetda “Yashil makon” va “Yashil energiya” dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar ham keng muhokama qilindi. Ushbu tashabbuslar ekologik barqarorlikni ta’minlash, energiya samaradorligini oshirish hamda universitet hududida yashil muhitni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Yig‘ilish davomida 2026-yilga mo‘ljallangan xorijiy investitsiyalar va grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha istiqbolli rejalar ham muhokama qilindi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini rivojlantirish hamda universitet infratuzilmasini modernizatsiya qilish yo‘nalishlarida amalga oshiriladigan tashabbuslar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Kengash yig‘ilishida ilmiy faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan qator masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan:
kafedralar faoliyatini yanada rivojlantirish,
yangi dissertatsiya mavzularini tasdiqlash,
ilmiy unvonlarga tavsiya etish,
o‘quv va ilmiy adabiyotlarni nashrga tavsiya qilish kabi masalalar muhokama etildi.
Mazkur qarorlar universitetda ilmiy izlanishlar ko‘lamini kengaytirish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish hamda ta’lim jarayonini zamonaviy ilmiy manbalar bilan boyitishga xizmat qiladi.
Farg‘ona davlat universiteti Kengashining mazkur yig‘ilishi ta’lim, ilm-fan va boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilinishi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Qabul qilingan qarorlar universitetning kelgusi rivojlanish strategiyasini belgilash, zamonaviy ta’lim muhitini yaratish hamda ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.