
Farg‘ona davlat universitetida “Yoshlar kuni” munosabati bilan o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida sahna san’atiga bag‘ishlangan yana bir muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Universitetning mingdan ziyod talaba-yoshlari dramaturg Nasrullo Qobulovning “To‘da” asari asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyishini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.
Sahna asari tomoshabinlarni chuqur o‘yga toldiruvchi voqealar rivoji, hayotiy obrazlar va ta’sirchan badiiy yechimlari bilan ajralib turdi. Spektakl orqali jamiyatimizda uchrab turadigan muammolar, ayniqsa, yoshlar kelajagiga jiddiy tahdid soluvchi giyohvandlik illatining og‘ir oqibatlari yorqin sahna lavhalari orqali ochib berildi. Bu esa tomoshabinlarni hushyorlikka, o‘z hayoti va kelajagiga mas’uliyat bilan qarashga undadi.
Bir soatdan ortiq davom etgan spektakl davomida zalni to‘ldirgan yoshlar voqealar rivojini hayajon bilan kuzatib, har bir sahnadan o‘ziga xos xulosalar chiqardilar. Qahramonlar taqdiri orqali insonning noto‘g‘ri tanlovlari qanday fojealarga olib kelishi, aksincha, mustahkam iroda va to‘g‘ri yo‘l esa yorug‘ kelajak sari yetaklashi g‘oyasi tomoshabinlarga kuchli ta’sir ko‘rsatdi.
Tomosha yakunida spektakl ijodkorlari va aktyorlari talabalar tomonidan davomli qarsaklar bilan kutib olindi. Yoshlar san’atkorlarning mahoratli chiqishlari, sahna bezagi va musiqiy uyg‘unlik spektakl mazmunini yanada boyitganini alohida ta’kidladilar.
Mazkur madaniy tadbir yoshlarni vatanparvarlik, sog‘lom turmush tarzi va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalashga xizmat qildi. Eng muhimi, u talaba-yoshlarda turli salbiy illatlarga qarshi ma’naviy immunitetni kuchaytirish, hayotda to‘g‘ri yo‘l tanlash zarurligini yana bir bor eslatdi.
Bunday spektakllar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirib, ularni jamiyat hayotiga faol va mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga undashi bilan ahamiyatlidir. FarDUda tashkil etilayotgan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar esa talabalarning qalbida san’atga, ezgulikka va kelajak sari ishonch bilan intilish tuyg‘ularini mustahkamlab bormoqda.