Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 506
  • Ko`rib chiqilganlar 468
    • Takliflar 61
    • Arizalar 395
    • Shikoyatlar 50
  • Ko`rib chiqilmoqda 38

“AMIR TEMUR VORISLARI” HARBIY-SPORT MUSOBAQALARIGA START BERILDI

14:27, 26.03.2026      


Yurtimizda keng nishonlanayotgan Yoshlar kuni munosabati bilan Farg‘ona davlat universitetida yana bir muhim va mazmunli tadbir — “Amir Temur vorislari” harbiy-sport musobaqasining universitet bosqichiga tantanali ravishda start berildi. Mazkur musobaqa talaba yoshlarni jismonan chiniqtirish, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Tadbirni universitet rektori Bahodirjon Shermuhammadov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida barcha talaba-yoshlarni bayram bilan samimiy tabriklab, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati izchil amalga oshirilayotgani, ayniqsa, yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va yuksak ma’naviyat ruhida tarbiyalash ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidladi.

Rektor, shuningdek, “Amir Temur vorislari” musobaqasi yoshlarni nafaqat sportga, balki harbiy-amaliy ko‘nikmalarga ham jalb etishi, ularning irodasini chiniqtirishi va jamoaviylik ruhini mustahkamlashini qayd etdi. Bu kabi musobaqalar orqali talabalar o‘z xalqiga, Prezidentiga va Vataniga sadoqatli, yetuk shaxslar sifatida shakllanishi muhim ekani ta’kidlandi.

Tadbirning badiiy qismi ham tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Harbiy ta’lim fakulteti kursantlari tomonidan namoyish etilgan maxsus chiqishlar — saf tortish, jangovar tayyorgarlik elementlari va muvofiqlashtirilgan harakatlar — yoshlarning tayyorgarligi va intizomini yaqqol namoyon etdi.

Shuningdek, Sport faoliyati fakulteti talabalari tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmali chiqishlar ham tadbirga o‘zgacha ruh bag‘ishladi. Turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha namoyish etilgan dasturlar tomoshabinlar tomonidan katta olqishlar bilan kutib olindi. Bu chiqishlar yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur harbiy-sport musobaqasi nafaqat bellashuv, balki yoshlar uchun haqiqiy mahorat maktabi vazifasini o‘taydi. Unda qatnashayotgan talabalar o‘z jismoniy imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish, irodasini mustahkamlash va jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘lmoqda.