

Farg‘ona shahrida o‘tkazilayotgan Do‘stlik forumi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim platformaga aylandi. Forum doirasidagi tadbirlar yurtimizda tinchlik, barqarorlik va o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Forumning mantiqiy davomi sifatida Farg‘ona davlat universitetida “Do‘stlik stelasi – qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Mazkur anjuman turli soha vakillari, olimlar va mutaxassislarni bir maydonga jamlab, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilish imkonini yaratdi.
Anjumanda Bahodirjon Shermuhammadov ishtirok etib, forumning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtaldi:
“Bugun biz shunchaki ilmiy tadbir emas, balki qalbimizni quvontiradigan ulug‘vor bir qardoshlik tantanasi guvohiga aylanmoqdamiz.”
Mazkur fikrlar tadbirning nafaqat ilmiy, balki ma’naviy va ijtimoiy ahamiyatini ham yaqqol ifoda etdi.
Konferensiya davomida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning yangi bosqichlari, xususan:
ilm-fan va ta’lim sohasidagi integratsiya,
xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchni mustahkamlash,
strategik sheriklikni kengaytirish
kabi masalalar muhokama markazida bo‘ldi.

Ishtirokchilar tomonidan ta’kidlanganidek, bugungi kunda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida qo‘shni va hamkor davlatlar bilan aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik siyosat tufayli mintaqada tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Avvalgi to‘siqlar o‘rnini bugun o‘zaro ishonch, hurmat va hamkorlik egallamoqda.
Forum davomida alohida qayd etilganidek, bugungi siyosiy va ijtimoiy muhit “devorlar emas — ishonch ko‘priklari” qurilayotganining yorqin dalilidir.
Farg‘onada o‘tayotgan Do‘stlik forumi nafaqat bugungi kun uchun, balki kelajak avlodlar uchun ham muhim ahamiyatga ega. Bunday tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi yaqinlikni mustahkamlab, umumiy taraqqiyot yo‘lida mustahkam poydevor yaratadi.