

Farg‘ona davlat universiteti mezbonligida o‘tkazilayotgan “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon” do‘stlik forumi doirasida muhim xalqaro anjuman – “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stligining yangi davri” mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, tarixiy rishtalarni yana-da chuqurlashtirish hamda zamonaviy global jarayonlarda o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Mazkur nufuzli konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Ozarbayjondan tashrif buyurgan yetuk olimlar, tajribali ekspertlar, xalqaro tashkilotlar vakillari, davlat va jamoat arboblari faol ishtirok etdilar. Shuningdek, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ham tadbirga o‘z hissalarini qo‘shdilar.

Konferensiya davomida ishtirokchilar mintaqa davlatlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va iqtisodiy aloqalarning bugungi holati hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar. Ayniqsa, yangi davr sharoitida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ilm-fan va ta’lim sohasidagi integratsiyani kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida ilgari surilgan tashabbuslar Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqishi, xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik va hamjihatlikni yana-da mustahkamlashi ta’kidlandi. Mutaxassislar fikricha, bunday uchrashuvlar nafaqat mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, balki global miqyosda hamkorlikni rivojlantirishda muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Farg‘onada o‘tkazilayotgan mazkur forum o‘zaro hurmat, ishonch va manfaatli hamkorlik tamoyillariga asoslangan yangi davr do‘stligining amaliy ifodasiga aylanayotgani bilan ahamiyatlidir.