Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Ishonch telefoni:
(+99873)244-44-15
Virtual qabulxona
  • Barcha murojaatlar 506
  • Ko`rib chiqilganlar 472
    • Takliflar 61
    • Arizalar 395
    • Shikoyatlar 50
  • Ko`rib chiqilmoqda 34

MEN DONOR: FARG‘ONA DAVLAT UNIVERSITETIDA XAYRLI TASHABBUS DAVOM ETMOQDA

16:08, 03.04.2026      

Farg‘ona davlat universitetida insonparvarlik, mehr-oqibat va ijtimoiy mas’uliyatni targ‘ib etishga qaratilgan “Men donor” aksiyasi izchil davom etmoqda. Ushbu ezgu tashabbus yoshlar o‘rtasida donorlik madaniyatini shakllantirish, inson hayotini saqlab qolishdek ulug‘ qadriyatni keng yoyishga xizmat qilmoqda.

Aksiya doirasida universitet tibbiy punktiga Farg‘ona viloyati qon quyish markazi xodimlari tashrif buyurishdi. Tajribali tibbiyot mutaxassislari donorlik jarayoni haqida batafsil ma’lumot berib, uning bosqichlari, xavfsizlik qoidalari hamda foydali jihatlarini tushuntirib o‘tdilar.

Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga aniq va tushunarli javoblar oldilar. Ayniqsa, donorlikning sog‘liq uchun xavfsiz ekani va zamonaviy tibbiy talablar asosida amalga oshirilishi yoshlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir davomida talabalar donorlikning nafaqat xavfsiz, balki inson hayotini saqlab qolishga xizmat qiluvchi savobli ish ekanligini chuqur anglab yetdilar. Har bir topshirilgan qon kimningdir hayotini saqlab qolishi mumkinligi ularda yanada katta mas’uliyat va faxr tuyg‘usini uyg‘otdi.

Aksiyada universitetning ko‘plab faol va ijtimoiy mas’uliyatli talabalari ko‘ngilli ravishda donor sifatida ishtirok etdilar. Ularning bu tashabbusi tengdoshlariga ham ibrat bo‘lib, jamiyatda mehr-shafqat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Men donor” aksiyasi nafaqat tibbiy jihatdan muhim, balki tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan loyiha sifatida ham alohida e’tiborga loyiqdir. Bu kabi tashabbuslar orqali yoshlar o‘z fuqarolik burchini chuqur his etadi, jamiyat hayotida faol ishtirok etishga intiladi.

Farg‘ona davlat universitetida o‘tkazilayotgan “Men donor” aksiyasi — insonparvarlikning yorqin namunasi. Bu kabi tadbirlar orqali yoshlar qalbida ezgulik, mehr-oqibat va boshqalarga yordam berish istagi yanada mustahkamlanadi.