

Farg‘ona davlat universitetida muhim xalqaro uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Walid Fouque universitetga tashrif buyurib, ta’lim, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash, ayniqsa oliy ta’lim tizimida yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Tashrif doirasida universitetning san’atshunoslik mutaxassisligi talabalari tomonidan tayyorlangan ijodiy dastur namoyish etildi. Ushbu chiqishlarda o‘zbek va fransuz madaniyatiga oid durdona asarlar uyg‘unligi aks ettirilib, mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Talabalarning ijodiy yondashuvi, sahna madaniyati va san’atga bo‘lgan qiziqishi ikki xalq madaniy aloqalarining nechog‘lik yaqin ekanini yana bir bor namoyon etdi.
Elchi Walid Fouque universitet talabalari bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, Fransiyada ta’lim olish imkoniyatlari, stipendiya dasturlari hamda xalqaro loyihalar haqida batafsil ma’lumot oldilar.


Ayniqsa, fransuz tili yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini amalda namoyish etib, mehmonning e’tirofiga sazovor bo‘ldilar. Bu esa universitetda xorijiy tillarni o‘qitish sifati yuqori darajada ekanini ko‘rsatdi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida:
qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish
professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish
xalqaro grantlar va ta’lim dasturlarida hamkorlik qilish
masalalari muhokama qilindi.
Bu esa FarDU talabalariga xalqaro tajriba orttirish, yangi bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Mazkur tashrif Farg‘ona davlat universitetining xalqaro hamkorlikdagi faoliyatini yanada kengaytirish, Yevropa davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fransiya kabi rivojlangan davlat bilan ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik universitetning nufuzini oshirish bilan birga, talabalar uchun yangi ufqlarni ochadi.
Fransiya elchisining Farg‘ona davlat universitetiga tashrifi — bu nafaqat rasmiy uchrashuv, balki madaniyatlar muloqoti, bilim almashuvi va kelajakdagi yirik loyihalar uchun mustahkam poydevordir.